Tailandda Navro'z bayrami keng nishonlandi
O'zbekiston Bosh konsulxonasida Tailand hududidagi siyosiy, madaniy va ishbilarmon doira vakillari hamda vatandoshlar ishtirokida "Olam nurga to'lsin sen bilan, Navro'z!" shiori ostida madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir davomida Bosh konsulxona tomonidan yasharish va yangilanish ayyomi – Navro'z bayrami haqida atroflicha ma'lumot taqdim etildi. Jumladan, xalqimiz do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va tinchliksevarlik kabi oliyjanob qadriyatlarni o'zida mujassam etgani ta'kidlandi.
Bundan tashqari, O'zbekiston va Tailand hamda Bosh konsulxona konsullik okrugi hisoblangan Kambodja, Laos va Myanma davlatlari bilan o'zaro munosabatlarni siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish, fuqarolar tashriflarini yengillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida ma'lumot taqdim etildi.
Shuningdek, bugungi kunda butun O'zbekiston hududidagi 130 dan ortiq millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan va yurtimiz bo'ylab keng nishonlanayotgan Navro'z ayyomi tadbirlari ishtirokchilar e'tiboriga namoyish etildi.
Tadbirda o'zbek milliy taomlaridan iborat iftorlik dasturxoni tortildi.
Bayram so'nggida yig'ilganlar mamlakatimiz taraqqiyot yo'lida tinchlik va barqaror taraqqiyot tilab, yurtimiz ravnaqi uchun o'z hissalarini qo'shishga tayyor ekanliklarini bildirdi.